Dr. Algorithm
3.94K subscribers
606 photos
58 videos
3 files
622 links
Saidolim Djuraev’ning turli ma'lumotlar kanali.

Savollar va takliflar uchun: @DrAlgorithmBot
Download Telegram
Dasturchining odatlari

O‘zbekiston dasturchilari juda qimmat!


Shu gapni eshitganmisiz? Bu gapni o‘zimizdan emas, chet davlatida turgan va dasturchi yollamoqchi bo‘lgan korxonalar aytadi. O‘ylab qarasam, rostdan ham bizda dasturchilar qimmatga aylanar ekan.

Keling shuni o‘ylab ko‘ramiz, nima uchun bizda qimmat?


1. Daraja.

O‘quv kursini tamomlagan odam o‘zini Junior dasturchi deb biladi. 2-3 yil ishlagan dasturchi esa Middle bo‘ldim deydi. 5 yilda Senior bo‘lgan odamlarni ko‘p uchratasiz.

Daraja vaqt bilan o‘lchanadimi?


Albatta, yo‘q. Chunki u o‘zining ustida ishlamagan bo‘lsa, 10 yildan keyin ham Junior bo‘lib qolaveradi.

Unda nima uchun odamlar o‘ziga daraja beradi?


Sabablaridan biri o‘zini boshqa odamga qimmatroqqa sotish. Sizni sotish bilan shug‘ullanadigan korxonalar ham shuni maqsad qilgan. Sizni kichik darajada sotib olib, katta darajada sotsa, foyda ko‘proq bo‘ladi. Siz rostdan ham Juniordan Middlega chiqdingizmi, unisi keyingi masala bo‘lib qoladi.

2. Soft skill

Bilamiz-ki, dasturchining biror texnologiyani bilishi Hard skill deyiladi. Buni bizning o‘quv kurslarimiz sochib tashlashmoqda. Bitiruvchilar rostdan ham texnologiyalarni zo‘r bilib chiqishmoqda. Ammo...

Shu intizom kabi soft skill’larni hamma joyda ham o‘rgatishmaydi.


1. Vazifaga mas’uliyat bilan yondashish.
2. Tushunmasa savol berish.
3. Majlis (call)ga vaqtida kirish.
4. Vazifaning holatini izohlarida yozish.
5. Xabarlarni shaxsiydan emas, guruhda yozish.
6. Hujjat yozish (documentation)
7. Email ishlatish. 
8. O‘ron (parol)ni Password managerda saqlash. Qog‘ozda emas.
9. Vazifalarini qilib bo‘lgan bo‘lsa, backlogdan vazifa izlash.
bu ro‘yxatni hali ko‘p davom ettirsak bo‘ladi.

3. Jamoada ishlash.

Ko‘p dasturchilarimiz "yolg‘iz bo‘ri" holatidan chiqa olishmaydi. O‘rmonda bir o‘zi ov qilishda qolib ketishadi. Korxonalarda esa, hatto kichik korxona bo‘lsa ham, jamoada ishlay oladigan odam kerak.

Buni o‘rganish uchun bizda choyxonalar bo‘lar edi. Agar Abdulla Qodiriy davridagi choyxonani olsangiz, odamlar osh ustida yig‘ilganida kitob tahlil qilishgan, biror kishi muammosini hal qilish ustida bosh qotirishgan, mahallaga biror yordam kerak bo‘lsa, qanday tashkil qilishni gaplashishgan.

"Menga nima?" - deyishmagan ekan-a?


Bu madaniyatimizda bo‘lgan. Bu jamoa bo‘lishga va jamiyat shakllanishiga yordam bergan usul. Hozirgi nomlari:
- Networking
- Small talk
- Volunteering
- Donation
deb ataymiz.

Vaholanki aynan shu narsalar bor:
+ Tanishish (tanish bilish orttirish)
+ Holidan xabar olish 
+ Hashar
+ Ehson

Manimcha, biz nimanidir xato qildik.


Bu narsalar mahallada, choyxonada o‘rganilgan. Hozir choyxonalarimiz ovqat yeyish va telefonda o‘yin o‘ynashdan iborat.

~~~

Agar oylik maosh chet ellik dasturchilarniki bilan bir xil bo‘lsa, nima uchun bizning dasturchilar qimmat dedingiz?


Bunga sababim bor. Chunki, agar darajamizni o‘zimiz tanlab olsak, intizom ustida ishlamasak va jamoada ishlashni o‘rganmagan bo‘lsak, bu chet el korxonasi uchun qimmatga tushadi degani. 

Tasavvur qiling, man $3,000 ga dasturchi ishga olmoqchiman. Sharqiy yevropadan xodim olganim yaxshimi yoki O‘zbekistondan? 

+ Bizning dasturchi kuniga 8 soat ishlamaydi, 10-12 soat ishlaydi. Yevropalik 8 soat bo‘lishi bilan ishni to‘xtatadi. 
+ Biznikilar dam olish kunlari ham ishga chiqa oladi. Ular esa dam olishi kerak. 
+ Biznikilar texnologiyani zo‘r biladi. Ular muammoni qanday yechishni.
+ Biznikilar bitta o‘zi tez kod yoza oladi. Ular jamoada yaxshi ishlaydi. 

bu ro‘yxatning qaysi tomoni biznes egasi uchun foydali. Chap tomoni unumlimi, yoki o‘ng tomon?

Aynan shu kabi tahlillarni qilgan chet ellik korxonalar bizdan kamroq dasturchi olishmoqda. 

Yechim

Biz unutib qo‘ygan amallarimizni tiklashimiz kerak. Hozir uyqudamiz.
+ Intizom - intizomni tiklashimiz kerak. Har bir kishi ishni o‘z vaqtida qilishni boshlashimiz kerak. 
+ Mas’uliyat - yolg‘onni yo‘qotsak, va’dani ustidan chiqsak, buni ham eplaymiz. 
+ Jamoa - biz jamoa bo‘lib yashaydigan millatmiz. Birga rivojlanishimiz kerak. Qo‘limizdan keladi.

#dasturlash #odatlar

30.12.2025 London
@DrAlgorithm
4🤝55👍35🔥16
Yuqoridagi "Dasturchining odatlari" maqolam ko‘proq salbiy maqolaga o‘xshab qoldi. Lekin ba’zida ma’lumotni boricha berish kerak. Achchiq bo‘lsa, yaxshi ta’sir qiladi. 

Kelasi yil uchun reja qilayotganlar uchun turtki bo‘lsa, ajab emas.


Yangi loyiha o‘ylayotgan edim. Yosh dasturchilarga jamoada ishlashni o‘rgatish va intizomni rivojlantirish bo‘yicha. 

Sizdan bir iltimos bo‘ladi:

⁉️ Dasturchilarimizda bo‘lishini xohlayotgan qaysi sifatlarni bilasiz? 


Izohlarda yozib qoldirsangiz, loyihaga qo‘shishga harakat qilar edim. Agar loyihamiz o‘xshasa, hammamizga foydali bo‘lar edi. 

Uzun maqolamni o‘qiganingiz uchun katta rahmat!

#dasturlash #odatlar #izoh

30.12.2025 London
@DrAlgorithm
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
👍39👏10🤝1