Teamwork.uz (фриланс площадка)
9.05K subscribers
186 photos
46 videos
17 files
1K links
Tez, oson va hamyonbop IT bo'yicha mutaxassislar va vazifalar topish platformasi.
===
Платформа для поиска удаленных исполнителей и задач.

Topshiriq berish bo'yicha:
Teamwork.uz

Reklama joylashtirish bo'yicha:
@teamwork_support
@shohruh_mir2
Download Telegram
Forwarded from Xushnudbek.uz
"Parker vasvasasi": sodda odamlar yana millionlarga kuyib qoldi, mas’ul organlar esa tomoshabinmi?

Yaqinda xabar topdim, O‘zbekistonda so‘nggi oylarda Parker nomi ostida o‘ta shubhali "biznes" avj olibdi. "Parker" moliyaviy piramidaning barcha belgilariga ega: nima faoliyat yuritishi, asoschilari noma’lum, lekin qisqa fursatda tez boyib ketishni va’da qiladi.

1️⃣ Aqlga sig‘maydigan katta daromad

Masalan, Parker’ga 1350 dollar pul tiksa kuniga 34 dollar, yiliga esa 12 ming dollar daromad qilishi aytiladi. Agar 47 ming dollar pul tiksa, yiliga 428 ming dollar daromad berishi va’da qilinadi.

Odamlar tikayotgan pullar esa, ertaga izini topib bo‘lmasligi uchun, o‘sha zahoti kriptovalyutaga aylantirilib, xorijdagi hisob raqamga yuborilgan.

2️⃣ Daromad qayerdan keladi?

"Parker"ga pul tikkanlar qanaqadir Power bank — telefon zaryadlagichlar orqali daromad topishi aytiladi. Ya’ni pulingizga dunyoning qaysidir burchagida Power bank sotib olinadi va odamlar o‘shandan foydalanib, pul to‘lasa, siz daromad qilasiz. Bu g‘irt "loxotron"!

Yodingizdami, Solar City, Tesco Share degan firibgarlar haqida yozgandim, ular ham xuddi shu usulda ishlagandi, ya’ni siz tikkan pulga dunyoning qayeridadir quyosh paneli sotib olinadi, undan topilgan daromad sizga beriladi🤦‍♂️ Safsata!

Odamlarga "oson pul topasan" desa aqldan ozib qolishiga yaqqol misol bu.

3️⃣ Shahar bedarvozami?

Eng alam qiladigani, Parker nomi ostida O‘zbekistonda o‘nlab ofis ochilgan, yuzlab katta-katta ommaviy tadbirlar uyushtirilgan, ularda o‘n minglab odamlar qatnashgan. Tadbirlarning barchasiga xorijdan pul to‘langan.

Masalan, birgina Samarqanddagi tadbirda ming kishi qatnashgan.

Shahar shunchalik bedarvozami? Kim o‘zi bular? Orqasida kim turibdi? Nahotki tegishli organlar bu bilan qiziqmagan? Ommaviy tadbir o‘tkazish uchun ruxsat olishganmidi?

Xorijdan pul to‘laydigan istalgan shubhali odamlar mana shunaqa osongina minglab odamlarni to‘play oladimi? Zo‘r-ku! Xudo ko‘rsatmasin, shuncha odamni yig‘ib, Rossiyadagiga o‘xshab terakt qilishsachi? Shumi bizning xavfsizlik?

Menga alam qiladigani, Parker degan biznes shubhali ekanligi haqida OAVlarda, jumladan KunUz nashrida 3 oy oldin maqola chiqqan ekan. Lekin kiberxavfsizlikka mas’ul tashkilotlar shu paytgacha bunga tezkor chora ko‘rmagan, natijada mana shu 3 oyda balki minglab odamlar aldanishiga olib kelgan. Agar tezda chora ko’rilganda, qancha odamlar pulini asrab qolsa bo’lar edi.

4️⃣ Moliyaviy piramida oxiriga yetib keldimi?

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yozishicha, so‘nggi kunlarda saytdan pul yechish to‘xtab qolgan, biznesda adminlik qilgan odamlarning Telegram profillari esa o‘chib ketgan. Demak, hammasi tugadi.

Albatta, bu kutilgan voqea. Chunki bu kabi moliyaviy piramidalar uzog‘i 3-4 oy ishlab, keyin yopilib ketadi. Keyinroq umuman boshqa nomda, boshqacha faoliyat bilan yana kirib keladi va sodda odamlarning pullarini yana "shilib" ketadi.

5️⃣ Power bank biznesi — dunyoda mashhur firibgarlik usullaridan biri

Internetda qidirsangiz, Power bank bilan bog‘liq firibgarlik biznesi haqida turli mamlakatlardan xabarlar kelib chiqadi.

Masalan, 🇮🇳Hindistonda ED nomli kompaniya xuddi shunaqa Power bank sotvolib, pul topasan degan va’dalar bilan 2021-yilning martidan may oyigacha, ya’ni 3 oy ichida odamlardan jami 41 mln dollar mablag‘larni o‘zlashtirib, qochib qolishgan ekan.

6️⃣ "Lox" bo‘lmang, sal kallani ishlating

Hurmatli, do‘stlar!

Iltimos, baraka topgurlar, bizga pullaringni ishonib, falon narsaga investitsiya kiritsang, oson pul topasan, boyib ketasan, desa og‘zingizdan so‘lagingiz oqib, yugurib ketavermanglar.

Pulni qiynalib topasizku, nega bunchalik oson yo‘qotasiz? Xudo xayringizni bersin, iltimos, sal kallani ishlatinglar. Oson pul yo‘q, ayniqsa internet orqali hech narsa qilmasdan pul topishning iloji yo‘q.

Nahotki, sizga shuncha voqealar dars bo‘lmaydi, a?

❗️Boshqa firibgarlik usullarini kanalimda #firibgar heshtegi bilan qidirib, o’qib chiqishingiz mumkin. Ogoh bo’ling.


👉 @xushnudbek 👈